Respublikada yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzildi.

Bugungi kunda respublikada transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holatlari yuqoriligi, yo‘l infratuzilmasidagi jiddiy muammolar yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqarayotganligi, oqibatda ko‘plab insonlarning tan jarohat olishi, eng achinarlisi, insonlarning bevaqt vafot etayotganligi holatlari ko‘payib bormoqda.

Shu bois, Respublikada yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi o‘z faoliyatini boshladi.

Guruh tarkibiga Hukumat, ichki ishlar, transport, moliya vazirliklari, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idoralar va tashkilotlarning rahbar va malakali mutaxassislari kiritilgan.

Guruh tomonidan yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olishning bugungi kundagi holati kompleks ravishda o‘rganilib, ilg‘or xorijiy tajribasi va ilmiy yondashuvlarni qo‘llash asosida normativ-huquqiy va manzilli tashkiliy-amaliy choralar ishlab chiqiladi.

Alohida e’tibor, yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq jiddiy muammolar – yo‘llarning holati, piyodalar o‘tish joyi, yo‘l belgilari, tartibga solinmagan chorrahalar va boshqalarga qaratilib, ularni tubdan yaxshilash bo‘yicha har tomonlama choralar ko‘riladi.

Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha aholini qiynayotgan muammolar o‘rganilib, ko‘riladigan kompleks chora-tadbirlar haqida jamoatchilikka axborot beriladi hamda fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqiladi.