Joriy yilning 25 – may kuni Transport vaziri Ilhom Mahkamov Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi raisi Gulchehra Isroilova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda mamlakatimiz ichki va xalqaro turizm sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish, ko‘rsatilayotgan xizmat turlari sifatini oshirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.

Mamlakatimiz turizm industriyasi vakillari uchrashuvda o‘z faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammoli masalalar va ularning yechimi yuzasidan Transport vazirligi tizim tashkilotlari rahbarlari bilan fikr almashishdi.

Hususan, har bir viloyat kesimida mavjud turistik obyektlarga olib boruvchi yo‘llarning holati hamda yo‘lbo‘yi infratuzilma obyektlarining ahvoli, transport qatnovlari va logistika bilan bog‘liq masalalar, mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda bajarilayotgan aviaqatnovlar muntazamligini ta’minlash, transport va transport infratuzilma obyektlarida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar malakasini oshirish, sohada raqamli texnologiyalar va xizmatlar turlarini ko‘paytirish bilan bog‘liq jihatlar muhokamalar markazida bo‘ldi.

Uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan Transport vazirining logistika va turizmni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi boshchiligida ishchi guruhini tashkil etish va o‘zaro hamkorlikda ishlarni muvofiqlashtirib borishga kelishib olindi.