Bugun, 15 – fevral kuni Qozog‘iston Respublikasi Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya vakillarining mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, o‘zaro hamkorlikda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Turkiston – Chimkent – Toshkent tezyurar temir yo‘li loyihasini amalga oshirish, Maqtaaral – Darbaza yangi temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Qozog‘iston Respublikasi Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Berik Kamaliyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri v.b. Ilhom Mahkamov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, yangi parvozlar yo‘nalishlarini ochish, xususan, Qozog‘iston shaharlaridan Samarqand va Urganch shaharlariga muntazam avia parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, tomonlar epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda temir yo‘l qatnovlarini qayta tiklash masalasini muhokama etishdi.

Uchrashuvning ikkinchi kunida tomonlar guruhlarga bo‘lingan holda o‘z ish faoliyatni davom ettirishga kelishib oldi.